Toshkent shahri maktablarida xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlari ko'rildi
Poytaxt maktablarida xavfsizlik tizimini takomillashtirish va “Xavfsiz maktab” konsepsiyasini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Dunyo miqyosida ta'lim maskanlariga qarshi turli xatarlar yuzaga kelayotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Xususan, maktablarda xavfsizlikni ta'minlash bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biridir. Davlat rahbarining “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish bo'yicha topshiriqlari ijrosiga bag'ishlangan muhim yig'ilish Toshkent shahrida bo'lib o'tdi.
Tadbirda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo'latov, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari, poytaxtdagi ta'lim muassasalari rahbarlari hamda xavfsizlik uchun mas'ul mutasaddilar ishtirok etdi. Yig'ilishda o'quvchilar va o'qituvchilarning favqulodda vaziyatlarda hayoti hamda sog'lig'ini muhofaz qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Maktablarda xavfsizlik tizimlari kuchaytirilmoqda
Poytaxtdagi 326 ta davlat maktabining barchasida xavfsizlik tizimlari mustahkamlanib, bosqichma-bosqich qo'riqlash tizimiga o'tkazilmoqda. Shuningdek, yuzdan ortiq xususiy maktab va ko'plab o'quv markazlarining xavfsizlik holati tahlil qilinib, ularni takomillashtirish bo'yicha amaliy ishlar bajarilmoqda. Kirish-chiqish nazoratini kuchaytirish, videokuzatuv kameralarini ko'paytirish, qo'riqlash xizmatlari samaradorligini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish mexanizmlarini ishga tushirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Hozirda ta'lim dargohlarida ishlayotgan qorovullar uchun maxsus o'quv tizimi yo'lga qo'yilgan. Ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog'liqni saqlash va ta'lim mutaxassislari hamkorligida tashkil etilgan bepul hamda intensiv o'quv kurslari orqali ularning kasbiy mahorati oshirilmoqda. Amaliy mashg'ulotlarda yong'in va ekstremal sharoitlar modellashtirilib, birinchi tibbiy yordam ko'rsatish hamda harakat xavfsizligini ta'minlash ko'nikmalari o'rgatilmoqda.
Tezkor guruhlar va yangi vazifalar
Yig'ilish davomida ichki ishlar vaziri maktablarda favqulodda hamda texnogen holatlarga tayyorgarlik bo'yicha o'quv mashg'ulotlarini o'tkazish, inspektor-psixologlar faoliyati, o'quvchilarning darslardagi ishtiroki va xavfsizlikni raqamli shaklda tashkil etish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi. O'quvchilarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, ularni tahdidlarga nisbatan hushyor bo'lishga o'rgatish muhimligi qayd etildi.
Toshkent tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Poytaxtda Qo'riqlash bo'linmalarining tezkor harakatlanuvchi guruhlari chaqiruv signalidan so'ng 3-5 daqiqada manzilga yetib borish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shuningdek, ichki ishlar organlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash doirasida taqdim etilgan 50 ta yangi xizmat avtomobili IIV huzuridagi Qo'riqlash departamentining tezkor guruhlariga topshirildi.
Manba: UzA


