Qoraqalpog'istonda o'qituvchilar aholini ro'yxatga olishga jalb etilgani haqidagi xabarlar o'rganildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o'qituvchilarning aholini ro'yxatga olish ishlariga majburiy jalb etilgani haqidagi xabarlar o'rganib chiqildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog'istonda pedagoglar aholini ro'yxatga olish ishlariga majburiy ravishda jalb qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan o'rganish ishlari olib borildi.
O'rganish natijalari
Tekshiruv jarayonida Beruniy tumanidagi 55-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida jami 76 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Maktab jamoasi to'liq ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lib, o'quvchilarning ota-onalarini ro'yxatga olish bo'yicha pedagoglarga hech qanday topshiriq berilmagani ma'lum bo'ldi. Shuningdek, xodimlar boshqa qo'shimcha majburiy ishlarga jalb etilmagani aniqlandi.
Vazirlik eslatmasi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yilning 15 yanvaridan 28 fevraligacha mamlakatda aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish tadbirlarini o'tkazish rejalashtirilgan. Mazkur jarayonlar mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ta'lim muassasalari xodimlarini o'z vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb qilish qat'iyan taqiqlanishini va bunga yo'l qo'yilmasligini eslatib o'tdi.
Manba: UzA


