Qoraqalpog'istondagi maktablarda darsliklar bilan ta'minlanish holati o'rganildi
Qoraqalpog'istondagi maktablarda darsliklar holati yuzasidan tarqalgan videolar vazirlik nazoratiga olinib, o'rganib chiqildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog'iston Respublikasidagi ayrim ta'lim muassasalarida kitoblarning ahvoli aks etgan videolar tarqalgan edi. Ushbu holat Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, atroflicha o'rganib chiqildi.
Aniqlangan kamchiliklar va darsliklar ta'minoti
O'rganishlar natijasiga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videomaterial joriy yilning 15-sentabr kuni Instagram kanallarida e'lon qilingani ma'lum bo'ldi. Foydalanishga yaroqsiz holatdagi “Matematika” va “Ingliz tili” darsliklari o'sha kunning o'zida aniqlanib, mavjud kamchilikni bartaraf etish bo'yicha tezkor choralar ko'rildi.
Normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, umumta'lim maktablarining 1-sinf o'quvchilari uchun darsliklar har yili, 2-4-sinflar uchun uch yilda bir marta hamda 5-11-sinflar uchun besh yilda bir marta yangilanishi belgilab qo'yilgan. Hozirgi vaqtda 2-qoraqalpoq sinf o'quvchilari uchun “O'qish savodxonligi” darsligi va daftari, shuningdek, “Matematika” darsligi “Ta'minot va logistika” mas'uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog'iston filiali tomonidan maktablarga yetkazib berildi. Bundan tashqari, 2-qoraqalpoq sinf o'quvchilari uchun mo'ljallangan “Ona tili” darsligi 2026-2027-o'quv yili uchun shakllantirilgan buyurtmalar asosida O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan yaqin kunlarda umumiy o'rta ta'lim muassasalariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Darsliklar sifatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta'lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilgan. Mazkur qaror bilan maktabgacha, umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar hamda o'quv-metodik majmualarni nashr qilish, ularni tajriba-sinovdan o'tkazish va ekspertiza qilishni tashkil etish ushbu ilmiy-metodik markazning asosiy vazifasi etib belgilangan.
Vazirlik tomonidan bu boradagi ishlar, jumladan, ta'lim muassasalarining darsliklar bilan to'liq ta'minlanganlik holati bo'yicha o'rganishlar davom ettirilmoqda hamda aniqlanayotgan kamchiliklarni o'z vaqtida bartaraf etish doimiy nazoratga olingan.
Manba: UzA


