San'at texnikumlariga oliy maktab maqomi berilib, maktablarda musiqa to'garaklari ochiladi
Prezident ishtirokidagi uchrashuvda san'at va madaniyat ta'limini rivojlantirish, jumladan, texnikumlarga oliy maktab maqomini berish belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san'at sohasi xodimlari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida yoshlarni san'atga jalb etish va soha kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish bo'yicha muhim vazifalar belgilandi. Davlat rahbari har bir xonadonga musiqa cholg'usi kirib borishi, bolalarning musiqa chalishni o'rganishi muhimligini ta'kidladi.
Maktablarda musiqa to'garaklari va moliyaviy yordam
Uchrashuvda mutasaddilarga barcha umumta'lim maktablarida musiqa va san'at yo'nalishida kamida 4 tadan to'garak ochish vazifasi yuklatildi. Bunda milliy cholg'u asboblari xarid qilgan to'garaklarning 30 foiz xarajati qoplab berilishi ko'zda tutilgan.
Inklyuziv ijod va yangi qabul tartibi
Imkoniyati cheklangan yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida yangi o'quv yilidan boshlab hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar faoliyati yo'lga qo'yiladi. Ushbu yo'nalishdagi ijodkorlarni rag'batlantirish, zarur darsliklar va anjomlar xaridi uchun har yili 30 milliard so'm mablag' ajratilishi belgilandi. Shuningdek, soha uchun kadrlar tayyorlashni o'ziga xos xususiyatlardan kelib chiqib tashkil etish maqsadida ixtisoslashgan maktablarga o'quvchilarni musiqa yo'nalishi bo'yicha 5-sinfdan, raqs, teatr va san'at yo'nalishlari bo'yicha esa 9-sinfdan qabul qilish tartibi joriy etiladi.
Texnikumlarga oliy maktab maqomi
Madaniyat va san'at yo'nalishidagi kadrlar tayyorlash sifatini oshirish yo'lida muhim o'zgarish amalga oshiriladi. Kasbiy ta'lim agentligi tasarrufida bo'lgan musiqa va san'at hamda estrada va sirk texnikumlari Madaniyat vazirligi ixtiyoriga o'tkaziladi va ularga oliy maktab maqomi beriladi.
Manba: UzA