Sirdaryoda nodavlat bog'chalarning yarmidan ko'pida kamchiliklar aniqlandi
Guliston tumanidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining katta qismida ta'lim sifati va xavfsizlik talablariga rioya etilmayotgani ma'lum bo'ldi.

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining yarmidan ko'pida bolalar xavfsizligi va ta'lim sifati bilan bog'liq qator kamchiliklar borligi aniqlandi.
O'tkazilgan o'rganishlar natijasiga ko'ra, tumandagi 118 ta nodavlat bog'chaning 61 tasi belgilangan talablarga javob bermasligi ma'lum bo'ldi. Mazkur masala yuzasidan Guliston shahridagi 1-sonli umumta'lim maktabining faollar zalida muhokama yig'ilishi o'tkazildi. Sirdaryo viloyati hokimining o'rinbosari Otabek Mavlonberdiyev rahbarligida o'tgan tadbirda nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati tanqidiy-tahliliy ruhda ko'rib chiqildi.
Faoliyat va xavfsizlikdagi muammolar
Ma'lum qilinishicha, tumandagi jami 118 ta nodavlat bog'chadan 11 tasi turli sabablarga ko'ra hozirda vaqtincha ishlamayapti. Viloyat ishchi guruhlari o'tkazgan kompleks tekshiruvlar faqatgina 43 ta bog'chada ta'lim-tarbiya jarayoni belgilangan me'yor va standartlarga muvofiq yo'lga qo'yilganini ko'rsatgan.
Ayniqsa, 15 ta oilaviy bog'chada yong'in xavfsizligi qoidalariga yetarlicha amal qilinmayotgani jiddiy tashvish uyg'otmoqda. Ayrim muassasalarda yong'indan ogohlantiruvchi moslamalar yo'qligi yoki ularning xizmat muddati o'tib ketgani, o't o'chirish vositalari yetishmasligi aniqlandi. Shuningdek, qo'lbola isitish pechlari hamda gaz ballonlarining xavfsizlik talablariga zid ravishda ishlatilishi bolalar hayoti va salomatligiga xavf tug'dirishi alohida ta'kidlandi.
Yig'ilish yakunida sohadagi mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, nazoratni kuchaytirish va mas'uliyatni oshirish bo'yicha vazifalar belgilab berildi. Mutasaddilarga yong'in va sanitariya xavfsizligi talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash yuklatildi.
Manba: UzA

