Ta'lim va ilm-fan vazirligiga uch nafar yangi o'rinbosar tayinlandi
Ta'lim va ilm-fan vaziriga uch nafar yangi o'rinbosar tayinlandi. Yangi rahbarlarning tarjimayi holi e'lon qilindi.
Ta’lim siyosati
Ta'lim va ilm-fan vazirligida rahbarlik lavozimlariga yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Vazirlik ma'lumotlariga ko'ra, yangi tayinlangan mas'ullar bungacha konsalting, ta'lim metodikasi hamda texnik kadrlar tayyorlash yo'nalishlarida faoliyat olib borgan.
Yangi rahbarlar haqida ma'lumot
- Oybek Behzodovich Yo'ldoshev ta'lim va ilm-fan vazirining birinchi o'rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bu lavozimga kelguniga qadar PwC Uzbekistan kompaniyasining davlat sektori, infratuzilma va ESG bo'yicha konsalting amaliyoti direktori lavozimida ishlagan.
- Mehriniso Doniyorovna Pardayeva ta'lim va ilm-fan vaziri o'rinbosari etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida boshqarma boshlig'i vazifasida faoliyat yuritgan.
- Sanjar Mahamatjan o'g'li Mirzaliyev ham vazir o'rinbosari lavozimini egalladi. U avvalroq Belarus–O'zbekiston qo'shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori bo'lib ishlagan.
Yangi o'rinbosarlar tanishtirilgan yig'ilishda ijro intizomi masalalari ham alohida muhokama qilindi. Unda topshiriqlarni o'z vaqtida hamda sifatli bajarish, mas'uliyatni oshirish va ijro intizomini mustahkamlash bo'yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Manba: Kun.uz

