Ta'lim muassasalari xodimlari va o'quvchilari har yili psixologik diagnostikadan o'tkaziladi
Prezident qaroriga ko'ra, ta'lim muassasalarining o'quvchi, talaba va pedagoglari har o'quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o'tkaziladi.
Ta’lim siyosati
Qabul qilingan "Uzluksiz ta'lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi prezident qaroriga muvofiq, barcha ta'lim tashkilotlarining o'quvchilari, tarbiyalanuvchilari, talabalari hamda pedagog va tarbiyachilari har bir o'quv yilida kamida bir marotaba maqsadli psixologik diagnostikadan o'tkazilishi belgilandi.
Bosqichma-bosqich joriy etish tartibi
Ushbu tizim ikki bosqichda amaliyotga tatbiq etiladi:
- birinchi bosqichda - 2026/27 o'quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarida;
- ikkinchi bosqichda - 2027/28 o'quv yilidan boshlab o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim tashkilotlarida.
Diagnostika jarayoni va tahlil qilish
Psixologik diagnostika jarayonini tashkil etishda quyidagi tartiblarga amal qilinadi:
- jarayon Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada amalga oshiriladi, shuningdek, shaxsga doir ma'lumotlar hamda diagnostika natijasida aniqlangan ma'lumotlarning sir saqlanishi to'liq ta'minlanadi;
- o'tkazilgan tahlillar natijalari sun'iy intellekt texnologiyalari yordamida ko'rib chiqilib, o'quvchi va pedagoglar "psixologik barqaror", "psixologik qo'llab-quvvatlashga muhtoj" hamda "faol psixologik qo'llab-quvvatlash zarur" deb nomlangan guruhlarga bo'linadi;
- "psixologik qo'llab-quvvatlashga muhtoj" deb topilgan shaxslarga ta'lim muassasasining o'z psixologi, "faol psixologik qo'llab-quvvatlash zarur" toifasiga kiritilganlarga esa tegishli hudud bo'yicha maxsus mentor psixolog biriktiriladi.
Manba: Kun.uz
