Tanlab olingan maktablarda o'quvchilar uchun tennis seksiyalari tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko'ra, tanlab olingan maktablarda tennis seksiyalari tashkil etilib, inventarlar bilan ta'minlanadi.
Prezidentning tennisni ommalashtirish va rivojlantirishga oid qaroriga asosan, o'quvchilarning qiziqishi hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, tennis rivojlantiriladigan maktablar tanlab olinadi.
Maktablarda sport seksiyalari
Ushbu ta'lim maskanlarida tennis bo'yicha maxsus sport seksiyalari tashkil etiladi. Ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida O'zbekiston tennis federatsiyasi mablag'lari hisobidan sport inventarlari, jumladan, tennis mashg'ulotlari uchun devor moslamalari yetkazib beriladi va jihozlanadi. Mashg'ulotlarni maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan malakali trenerlar olib boradi.
Sportchilar va trenerlar uchun mukofotlar
Qaror doirasida Osiyo va Paraosiyo o'yinlari g'oliblari, sovrindorlari hamda ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari miqdorlariga o'zgartirishlar kiritildi. Sportchilar va ularni tayyorlagan trenerlar uchun mukofotlar quyidagicha belgilandi:
- oltin medal uchun sportchiga 25 000 AQSh dollari, trenerga 10 000 AQSh dollari;
- kumush medal uchun sportchiga 12 500 AQSh dollari, trenerga 5 000 AQSh dollari;
- bronza medal uchun sportchiga 6 250 AQSh dollari, trenerga 2 500 AQSh dollari.
Tegishli o'zgartirishlar prezidentning 2023-yil 7-apreldagi PQ-114-son qarori 7-ilovasining 9- va 10-bandlariga kiritilgan.
Manba: Kun.uz


