Texnikumlarda dual ta'lim oluvchi o'quvchilarga stipendiya to'lanishi mumkin
2026/2027 o'quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta'lim shaklida o'qiyotgan o'quvchilarga maxsus elektron platforma orqali stipendiya to'lanishi rejalashtirilmoqda.
O'zbekiston prezidentining 2025 yil 23 oktyabrdagi PQ-316-son qarori ijrosini ta'minlashga qaratilgan yangi loyiha e'lon qilindi. Hujjatga ko'ra, mamlakatimizdagi texnikumlarda ta'lim oluvchi yoshlar uchun qo'shimcha moddiy qo'llab-quvvatlash tizimi joriy etilishi kutilmoqda.
Stipendiya tayinlash tartibi va miqdori
- 2026/2027 o'quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta'lim shaklida o'qiyotgan o'quvchilarga maxsus elektron platforma orqali stipendiya to'lanadi.
- O'quvchilarga har oy bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya to'lash belgilanmoqda.
- Agar ish beruvchi tomonidan o'quvchining kasbiy ko'nikmalari va intizomi qoniqarsiz deb baholansa, stipendiya to'lash to'xtatilishi mumkin.
Moliyalashtirish va raqamlashtirish jarayoni
Stipendiyalarni moliyalashtirish Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta'lim agentligi orqali amalga oshiriladi. Agentlik va Raqamli texnologiyalar vazirligiga 2026 yil 1 avgustgacha maxsus platformani ishga tushirish vazifasi yuklatilmoqda. Mazkur platforma «Yagona milliy mehnat tizimi» va elektron hukumat infratuzilmalari bilan integratsiya qilinadi.
Shuningdek, 2026 yilda xarajatlar amaldagi budjet doirasida qoplanishi, 2027 yildan boshlab esa davlat budjeti parametrlarida alohida nazarda tutilishi belgilangan.
Manba: Kun.uz

