Texnikumlarda dual ta'lim tizimi va eng ommabop kasblar ko'rsatildi
O'zbekiston texnikumlarida dual ta'lim qamrovi, 2030-yilgacha mo'ljallangan rejalar va eng talabgir mutaxassisliklar ma'lum qilindi.

Bugungi kunda mehnat bozori faqat nazariy bilimga ega mutaxassislarni emas, balki ish jarayonini amalda bajarila oladigan kadrlarni talab qilmoqda. O'quvchilarning bilimini korxonalardagi real jarayonlar bilan bog'lovchi dual ta'lim tizimi shu bois muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dual ta'limning joriy holati va kelgusidagi rejalar
O'tkazilgan tahlillarga ko'ra, respblikadagi 679 ta texnikumda jami 442 227 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Shulardan 60 mingdan ortig'i, aniqrog'i 60 654 nafari dual ta'limga qamrab olingan. Bu ko'rsatkich texnikum o'quvchilarining qariyb har yettinchisi ta'limni amaliyot bilan uyg'unlashtirayotganini bildiradi.
Oldinga qo'yilgan maqsadlar ancha yuqori bo'lib, 2030-yilga qadar texnikum o'quvchilarining 40 foizini dual ta'limga jalb qilish rejalashtirilgan. Amaldagi 13,7 foizlik ko'rsatkichni bu darajaga chiqarish texnikumlar va ish beruvchilar o'rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni, shuningdek, o'quvchilar uchun amaliy bazani kengaytirishni talab etadi.
Qaysi kasblar yetakchilik qilmoqda?
Dual ta'limda o'qiyotgan jami 60 654 nafar o'quvchining deyarli yarmi, ya'ni 27 962 nafari uchta asosiy kasb va mutaxassislik ulushiga to'g'ri keladi. Jumladan:
- maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi — 10 931 nafar;
- avtomobillarni ta'mirlash va ularga xizmat ko'rsatish — 9 131 nafar;
- tikuvchi — 7 900 nafar.
Ushbu uchala yo'nalishning o'zi dual ta'limdagi jami o'quvchilarning 46,1 foizini tashkil etmoqda. Tizimni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish ishlari hududlar hamda texnikumlar kesimida tahlil qilib borilmoqda.
Manba: UzA



