Nukusda dual ta'limni rivojlantirishga bag'ishlangan ilk forum bo'lib o'tdi
Nukus shahridagi 1-sonli texnikumda “Dual ta'limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida maxsus forum o'tkazildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasining Nukus shahridagi 1-sonli texnikumda Buyuk Britaniyaning Pearson o'quv dasturi asosida “Dual ta'limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida anjuman tashkil etildi. Mazkur ilk forum Orolbo'yidagi barcha texnikumlar ishtirokida o'tkazilib, unda dual ta'lim tizimining amaliy natijalari keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Tadbirningasosiy maqsadi o'quvchi yoshlarning amaliy ko'nikmalarini yanada oshirish, dual ta'lim jarayonlarini keng tatbiq etish hamda ta'lim muassasalari va ish beruvchi tashkilotlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iboratdir. Ushbu ahamiyatli uchrashuvda Buyuk Britaniyaning nufuzli Pearson ta'lim kompaniyasi, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Kasbiy ta'lim agentligining mas'ul vakillari qatnashdi.
Amaliy ishlar va ko'rgazmalar
Forum doirasida o'quvchilar o'zlarining yo'nalishlari bo'yicha tayyorlagan maxsus ko'rgazmalari, turli zamonaviy texnik qurilmalari hamda qo'l mehnati asosida yaratilgan amaliy ish namunalarini namoyish etishdi. Ishtirokchilar yoshlarning o'z kasbiga bo'lgan mahorati va ijodiy yondashuvlarini yaqindan kuzatish imkoniga ega bo'ldilar.
Bugungi kunda nazariy bilimlar hamda amaliy ko'nikmalarni o'zaro uyg'unlashtirib olib borishga xizmat qiluvchi dual ta'lim zamonaviy ta'lim tizimining eng samarali yo'nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda. Bu kabi tashabbuslar o'quvchilarning kelgusida malakali mutaxassis bo'lib yetishishida muhim poydevor vazifasini bajaradi.
Manba: UzA



