Xonobodda bitiruvchi yoshlar dual ta'lim asosida ishlab chiqarish korxonalarida kasb o'rganmoqda
Xonobod shahridagi maktab bitiruvchilari va texnikum o'quvchilari dual ta'lim asosida ishlab chiqarish korxonalariga biriktirildi.

Yurtimizda yoshlarni kasb-hunarga yo'naltirish, zamonaviy kasblarga o'qitish, bandligini ta'minlash hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Xonobod shahrida dual ta'lim tizimini joriy etish va o'quvchi yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga jalb etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktab bitiruvchilari va texnikum o'quvchilari qamrovi
- Shahardagi umumta'lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning 350 nafar bitiruvchisining kasb-hunar egallashiga ko'maklashish maqsadida ular ishlab chiqarish korxona va tashkilotlariga jalb etilgan. Bu yoshlarga maktabni ma'lum bir kasb-hunarni egallagan holda tamomlash imkonini beradi.
- Shuningdek, shahardagi ikkita texnikumning 357 nafar o'quvchisi “Uzkoje” xorijiy korxonasi, “Lens Textil”, “Fauz Tex”, “Oltin Vodiy Textile” singari korxonalar hamda Kampirrovot suv tozalash inshootida dual ta'lim asosida amaliy mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda.
Amaliyot va ko'nikmalar
Ta'lim jarayonida o'quvchilar o'zlarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan bevosita mustahkamlab bormoqda. Amaliy mashg'ulotlar davomida yoshlar zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash sir-asrorlarini, ishlab chiqarish jarayonlarini, mehnat intizomi hamda jamoada ishlash ko'nikmalarini puxta shakllantirmoqda. Mazkur yo'nalishdagi ishlar ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va kelgusida o'z o'rnini topib, ishga joylashishlari uchun mustahkam zamin yaratadi.
Manba: UzA



