Top-300 universitetlarda o'qish xarajatlari El-yurt umidi jamg'armasi tomonidan moliyalashtiriladi
Prezident qaroriga ko'ra, xalqaro reytingdagi nufuzli universitetlarda o'qish va foundation xarajatlari jamg'arma mablag'lari hisobidan qoplanadi.
Qabul qilingan yangi prezident qaroriga muvofiq, respublikada xalqaro ta'lim standartlari asosida o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim dasturlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hujjatda belgilanishicha, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalari tajribasi asosida tashkil etiladi. Shuningdek, mazkur Oliy maktab bilan texnikumlar o'rtasida yaqin hamkorlik yo'lga qo'yiladi. Integratsiyalashgan ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan texnikum bitiruvchilari Oliy maktabning tegishli bakalavriat yo'nalishlarida o'qishni kirish imtihonlarisiz davom ettirish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Bundan tashqari, ushbu dasturlar asosida to'plangan kreditlarning yetakchi xorijiy hamkor OTMlar tomonidan tan olinishi ta'minlanadi.
El-yurt umidi jamg'armasi mablag'lari hisobidan moliyalashtirish
Qarorga ko'ra, 2027-2028 o'quv yilidan boshlab «El-yurt umidi» jamg'armasiga yangi imkoniyatlar berildi. Unga ko'ra, tanlovdan o'tgan talabalarning QS yoki Times Higher Education reytinglarining top-300 taligiga kiruvchi, shuningdek sohaviy yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'qishni davom ettirish bilan bog'liq xarajatlarini moliyalashtirishga ruxsat etildi. Shuningdek, mazkur universitetlarga shartli qabul qilingan talabgorlar uchun Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliy ta'lim muassasalarida tashkil etiladigan 1-kurs (foundation) dasturlarining kontrakt xarajatlari ham jamg'arma mablag'lari hisobidan qoplanishi belgilandi.
Manba: Kun.uz



