Toshkent shahri ilk bor nufuzli Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi
2026-yilning 9–16-avgust kunlari Toshkentda 38-Xalqaro informatika olimpiadasi bo'lib o'tadi va unda 97 dan ortiq mamlakatdan yosh dasturchilar qatnashadi.

Toshkent shahri 2026-yilning 9–16-avgust kunlari 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI 2026) ilk bor mezbonlik qiladi. Mazkur nufuzli tadbir doirasida poytaxtimiz 97 dan ziyod davlatdan kelgan 386 nafar iqtidorli yosh dasturchini jamlaydi.
Musobaqa haqida va tashkilotchilar
Maktablarning yuqori sinf o'quvchilari o'rtasida sport dasturlash bo'yicha o'tkaziladigan dunyodagi eng yirik musobaqa sanalgan IOI 1989-yildan buyon tashkil etib kelinadi. 2023-yilda Bosh assambleya qarori bilan mamlakatimiz mezbonlik huquqini qo'lga kiritgan edi. Boliviyada 2025-yilda o'tgan musobaqaning yopilish marosimida O'zbekistonga IOI bayrog'i topshirilgan bo'lib, shundan so'ng Toshkent rasman mezbon shahar maqomini oldi.
Musobaqaga AQSH, Xitoy, Germaniya, Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlardan o'quvchilar ro'yxatdan o'tgan. Hamrohlik qiluvchi delegatsiyalar, faxriy mehmonlar hamda xalqaro qo'mitalar a'zolari bilan qo'shib hisoblaganda, ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshishi kutilmoqda. Sakkiz kunlik dastur besh soatlik algoritmik masalalar turlari, seminarlar, vorkshoplar hamda poytaxt ekskursiyalarini o'z ichiga oladi. O'zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, IT-ta'lim uyushmasi va Raqamli ta'limni rivojlantirish markazi tadbirning asosiy tashkilotchilari hisoblanadi.
O'zbekiston jamoasi tarkibi
Mezbon davlat sifatida O'zbekiston milliy saralash bosqichlarida eng yuqori natija ko'rsatgan 8 nafar iqtidorli o'quvchini ikkita jamoaga bo'lgan holda xalqaro maydonga olib chiqadi:
- Birinchi jamoa: Jahongir Shoh Avazxonov, Timur Kadirbergenov, Jaxonali Xaydaraliyev va Ulug'bek Raxmatullayev.
- Ikkinchi jamoa: Sardor Salimov, Humoyun Abduraupov, Ulug'bek Kamalov va Ravshan Rahmiddinov.
Ushbu ishtirokchilar Prezident maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab, shuningdek, Vestminster va TATU akademik litseylari vakillari sanaladi. Tadbir yoshlar o'rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan birga, mamlakatimizning turistik salohiyatini targ'ib etishga ham xizmat qiladi.
Manba: UzA


