Toshkentda 38-xalqaro informatika olimpiadasiga tayyorgarlik ko'zdan kechirildi
Toshkentda 38-xalqaro informatika olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlarini baholash yig'ilishi boshlandi.

Joriy yilning 9-16-avgust kunlari Toshkent shahrida 38-xalqaro informatika olimpiadasi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur nufuzli musobaqada 100 ga yaqin davlatdan tashrif buyuradigan 400 ga yaqin eng iqtidorli o'quvchilar, shuningdek, yuzlab murabbiylar, jamoa sardorlari, qo'mita a'zolari hamda xalqaro ekspertlarning ishtiroki kutilmoqda. Shuningdek, musobaqa doirasida turli madaniy dasturlar, seminar-treninglar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlarni tashkil etish ham ko'zda tutilgan.
Xalqaro ekspertlar Toshkentda
Ushbu nufuzli tadbirga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlarini baholash hamda ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida Xalqaro informatika olimpiadasi qo'mitalari a'zolari 9-13-fevral kunlari Toshkent shahrida bo'lib turibdi va maxsus tayyorgarlik yig'ilishini o'tkazmoqda.
Mazkur yig'ilishda Shveysariya, Germaniya, Italiya, Polsha kabi 15 ta davlatdan 18 nafar xalqaro tashkiliy, ilmiy va texnik qo'mita a'zolari qatnashmoqda. Ularning safida Xalqaro informatika olimpiadasi tarixida ko'p yillar davomida faoliyat yuritib kelgan tajribali professorlar, masala tuzuvchilar, texnik tizimlar bo'yicha yetakchi mutaxassislar hamda olimpiadalarni o'tkazishga mas'ul bo'lgan xalqaro ekspertlar mavjud.
Manba: UzA



