Toshkentda matematika va fizika o'qituvchilari uchun “Hokim sovrini” olimpiadasi g'oliblari taqdirlandi
Toshkentda matematika va fizika fanlari o'qituvchilari o'rtasida o'tkazilgan “Hokim sovrini” olimpiadasi g'oliblari aniqlandi.

Mamlakatimizda ilm-fan va ta'lim xodimlarini qo'llab-quvvatlash hamda ularning mehnatini munosib rag'batlantirishga qaratilgan qator tanlovlar tashkil etilmoqda. Shunday intilishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent shahar hokimligi, Xalqaro Nordik universiteti va IDS ta'lim markazi hamkorligida matematika hamda fizika o'qituvchilari uchun “Hokim sovrini” olimpiadasi o'tkazildi.
Qizg'in va raqobatga boy ruhda kechgan bilim sinovlari yakunida eng faol va bilimdon pedagoglar aniqlandi. G'oliblarni taqdirlash tantanali marosimida Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Durdona Rahimova, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov va Finlyandiyaning O'zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo'rayev ishtirok etib, ishtirokchilarga o'z tabriklarini yo'llashdi.
G'oliblarga berilgan mukofotlar
- Matematika va fizika fanlari bo'yicha eng yuqori natija ko'rsatgan o'qituvchilarga maxsus g'oliblik sertifikatlari topshirildi.
- Shuningdek, eng yaxshi natija egalariga Finlyandiya hamda Shvetsiyadagi amaliyot dasturlarida qatnashish huquqini beruvchi vaucherlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida “Toshkent tajribasi” loyihasiga biriktirilgan ta'lim muassasalariga dars jarayonlarini zamonaviy talablar darajasida samarali tashkil etish uchun zarur bo'lgan zamonaviy o'quv jihozlari topshirildi.
Manba: UzA



