Urgut tumanida “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat tanlovi boshlandi
Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Urgut tumanida “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining tuman bosqichi ochildi.

Mamlakatimizda yoshlarning kasb-hunar egallashi, ularning bandligini ta'minlash hamda salohiyatini ro'yobga chiqarish borasida keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda. Ushbu maqsadlarga erishishda turli kasbiy mahorat musobaqalari o'g'il-qizlarning o'z bilim va ko'nikmalarini ko'rsatishi, zamonaviy kasblarni mukammal o'zlashtirishi uchun qulay maydon vazifasini o'tamoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o'tkazish tartibi to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur musobaqaning Urgut tumanidagi bosqichi boshlandi. Bugungi kunda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning sifatli ta'lim olishi, kasb egallashi va jamiyatda o'z o'rnini topishi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi. Bu borada texnikumlar, monomarkazlar, kasb-hunarga o'qitish markazlari hamda “Yoshlar daftari” mexanizmlari yosh avlod uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ishtirokchilar va yo'nalishlar
Qayd etilishicha, kasbiy mahorat milliy tanlovining Urgut tumanidagi bosqichida hududdagi 116 ta mahalladan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan jami 2144 nafar yosh o'z kuchini sinab ko'rmoqda. Ishtirokchilar o'nga yaqin turli kasbiy yo'nalishlar bo'yicha o'z mahoratlarini namoyon etmoqda. Ular orasida payvandlash texnologiyasi, elektromontaj, santexnika, oshpazlik, shuningdek, kompyuter grafikasi va dizayn kabi dolg'zarb sohalar bor.
Tanlovning ahamiyati
Mazkur musobaqa yoshlarning kasbiy bilimlarini ko'rsatib berish bilan bir qatorda, ular o'rtasida tajriba almashish, ilg'or va innovatsion g'oyalar bilan yaqindan tanishish hamda kelgusida malakali mutaxassis bo'lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir davomida kasb-hunar egallagan yoshlar yurtimiz taraqqiyotining tayanchi ekanligi, ularning mehnati va bilimi iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda hal qiluvchi o'rin tutishi alohida ta'kidlab o'tildi.
Manba: UzA



