Navoiy viloyatida xalqaro standartlarga asoslangan payvandlash maktabi ochildi
Navoiyda ochilgan yangi payvandlash maktabida 31 nafar tinglovchi o'qishni boshladi.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Migratsiya agentligi tashabbusi bilan “Qizilqum” xalqaro payvandlash maktabi o'z faoliyatini boshladi. Mazkur ta'lim maskani Rossiyaning “Svarteks Ufa” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O'qish jarayoni va shartlar
Markazning ilk o'quv guruhiga 31 nafar tinglovchi qabul qilindi. Ikki oy davom etadigan o'quv dasturi doirasida ular xorijiy mutaxassislar rahbarligida elektr-dugali va argon payvandlash texnologiyalarining nazariy va amaliy sir-asrorlarini o'rganadilar. Shuningdek, o'quv dasturiga muvofiq, tinglovchilar uchun rus tili bo'yicha qo'shimcha darslar ham yo'lga qo'yilgan.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga maxsus sertifikat hamda 3- va 4-razryadli payvandchi guvohnomasi topshiriladi.
Ish bilan ta'minlash imkoniyatlari
Ochilish marosimida so'zga chiqqanlar aholi bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish tizimini takomillashtirish va mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirish muhimligini ta'kidladilar. Xalqaro standartlar asosida tayyorlangan, zamonaviy texnologiyalar va tillarni puxta egallagan kadrlar uchun xorijiy kompaniyalarda yuqori daromadli ish o'rinlari mavjudligi qayd etildi.
Bitiruvchilar Rossiya Federatsiyasidagi ish beruvchilarga yo'naltiriladi. Ularning egallagan malakasi va ish tajribasiga qarab oyiga 1000 AQSH dollaridan 4500 AQSH dollarigacha bo'lgan miqdorda oylik maosh olish imkoniyati yaratiladi.
Manba: UzA



