Xorazmda pedagoglar uchun tashkil etilgan o'quv-seminar davom etmoqda
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan Xorazm viloyatida o'tkazilayotgan seminar doirasida pedagoglar ilg'or tajribalar va ta'lim muassasalari faoliyati bilan tanishmoqda.

Xorazm viloyatida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan o'tkazilayotgan “Sifatli ta'lim – Yangi O'zbekiston kelajagi” mavzusidagi o'quv-seminar o'z ishini davom ettirmoqda. Mazkur tadbir tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarni muhim yangiliklar hamda xalqaro tajribalar bilan tanishtirishga qaratilgan bo'lib, dasturdan madaniy tadbirlar, ta'lim muassasalari faoliyatini o'rganish va hay'at yig'ilishi o'rin olgan.
Ta'lim muassasalari faoliyati bilan tanishuv
Ishtirokchilarning Xorazmga tashrifi “Renessans” nodavlat ta'lim tashkilotidan boshlandi. Bu yerda pedagoglar zamonaviy shart-sharoitlar, o'quv jarayoni hamda Xitoy metodikasi asosida qo'llanilayotgan zamonaviy usullarning samaradorligi bilan yaqindan tanishishdi. Jizzax viloyati Forish tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'lim boshlig'i Gavhar Berkinovaning ta'kidlashicha, mazkur tashkilotdagi muhit va Xitoy pedagogik metodikasi o'quvchilar salohiyatini ochishda yuqori natija beradi.
Shuningdek, mehmonlar Xiva shahridagi 15-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida bo'lib, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar va tarbiyachilarning ish tajribasini o'rganishdi. Urganch shahridagi 8-sonli umumta'lim maktabida esa yangi o'quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari, o'quvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ta'lim sifatini oshirish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Ma'mun universitetidagi muhokamalar
Kunning ikkinchi yarmida mashg'ulotlar Ma'mun universitetida davom etdi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bo'lim boshlig'i Zamira Erejepovaning so'zlariga ko'ra, seminar ishtirokchilari ta'lim sifatini yaxshilash, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va yangi o'quv yilini samarali boshlash masalalari yuzasidan o'zaro fikr almashishmoqda. Bu kabi tadbirlar mutaxassislarga o'z hududlarida namunali o'quv jarayonlarini tashkil etish uchun yangi tajriba taqdim etadi.
Uch kunlik o'quv-seminar yakunida hay'at yig'ilishini o'tkazish rejalashtirilgan bo'lib, unda o'tgan yil sarhisob qilinadi hamda yangi o'quv yilidagi ustuvor vazifalar, yangi dasturlar va tayyorgarlik masalalari ko'rib chiqiladi.
Manba: UzA


