AQSHda xorijlik talabalar uchun viza muddatini qisqartiruvchi cheklov to'xtatildi
Boston federal sudi AQSHda xorijlik talaba va tadqiqotchilarning mamlakatda bo'lish muddatini qisqartiruvchi yangi qoidani kuchga kirishiga bir kun qolganda to'xtatdi.

Boston federal sudi sudyasi Dennis Seylor AQSH Prezidenti Donald Tramp ma'muriyatining xorijlik talaba, tadqiqotchi hamda jurnalistlar uchun mamlakatda bo'lish muddatini qisqartirishga qaratilgan yangi qoidasining amal qilishini to'xtatdi. Ushbu qaror hujjat kuchga kirishiga bir kun qolganda qabul qilindi.
Yangi qoida qanday o'zgarishlarni nazarda tutgan edi?
Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur tashabbus milliy xavfsizlik va viza tizimidagi firibgarliklarning oldini olish zarurati bilan izohlangan edi. Unga ko'ra, talabalar hamda almashinuv dasturi ishtirokchilarining viza muddati ko'pi bilan 4 yil, xorijiy OAV vakillari uchun esa 240 kun etib belgilanishi rejalashtirilgandi.
Sud qarorining asoslari
Biroq sudya vazirlik keltirgan vajlarni o'ta zaif deb baholadi. Sud qarorida so'nggi ellik yil davomida amal qilib kelgan hamda Amerika ilm-fani va iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo'shgan amaldagi tizimni bunday cheklovlar izdan chiqarishi ta'kidlandi.
Shuningdek, yangi taqiq oliy ta'lim tizimi hamda mamlakat iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi, ta'lim muassasalariga yuz millionlab dollar zarar yetkazib, xorijlik talabalar oqimini keskin kamaytirishi qayd etildi.
O'z navbatida, Ichki xavfsizlik vazirligi vakillari sud qarorini tanqid ostiga olib, amaldagi tartib immigratsiya qoidalarini suiiste'mol qilish uchun sharoit yaratayotganini bildirishdi.
Manba: UzA

