Farg'onalik Prezident maktabi o'quvchisi Gonkong universitetiga to'liq grant yutdi
Farg'ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o'quvchisi Shahrizoda Musajonova Gonkong politexnika universitetiga to'liq grant asosida o'qishga qabul qilindi.

Farg'ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o'quvchisi Shahrizoda Musajonova dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri bo'lgan Gonkong politexnika universiteti (The Hong Kong Polytechnic University)ga o'qishga qabul qilindi. Ushbu muvaffaqiyat natijasida u to'liq grant asosida tahsil olish imkoniyatini qo'lga kiritdi.
Ma'lumot o'rnida, PolyU Xitoyning Gonkong shahridagi davlat tadqiqot universiteti hisoblanib, asosan texnik ta'limga ixtisoslashgan. Mazkur oliygoh nufuzli QS xalqaro reytingida 54-o'rinni egallaydi.
Moliyaviy imtiyozlar va stipendiya
Qo'lga kiritilgan grant shartlariga ko'ra, Shahrizoda Musajonova universitetdagi o'qish to'lovidan to'liq ozod etildi. Unga ko'ra:
- Yillik o'qish to'lovi 32 000 dollarni tashkil etsa, 4 yil uchun jami 128 000 dollarlik kontrakt summasidan ozod qilindi.
- Bilimdonligi va yuqori natijalari tufayli farg'onalik o'quvchiga yillik 6 000 dollar miqdorida stipendiya beriladi.
- Bakalavr ta'lim jarayoni davomida to'lanadigan stipendiyaning umumiy miqdori 24 000 dollarni tashkil qiladi.
Manba: UzA

