O'zbekistonda inklyuziv ta'limni rivojlantirish va qamrov ko'rsatkichlari muhokama qilindi
Senat qo'mitasi tomonidan o'tkazilgan davra suhbatida inklyuziv va sifatli ta'limni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.

Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Inklyuziv va sifatli ta'limni rivojlantirish – inson kapitaliga investitsiya” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ta'lim sohatchasidagi qamrov ko'rsatkichlari
Qo'mita raisi Odiljon Mamatkarimovning ta'kidlashicha, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida maktabgacha ta'lim hamda oliy ta'lim qamrovini oshirish, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun inklyuziv ta'limni rivojlantirish borasida qator ishlar bajarilmoqda. Xususan, maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 78 foizga yetkazilgan bo'lsa, oliy ta'lim qamrovi 8,3 foizdan 47,7 foizga oshdi.
Bugungi kunda respblika bo'yicha 2 ming 610 ta umumiy o'rta ta'lim maktabida inklyuziv ta'lim sinflari faoliyat yuritmoqda. Ularda alohida ta'lim ehtiyojlari bor bo'lgan 6,8 ming nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, 248 ta umumiy turdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida inklyuziv guruhlar ochilgan bo'lib, ulardagi 519 ta guruhda 1 ming 753 nafar alohida ehtiyojli bola tarbiyalanmoqda.
Mavjud vazifalar va muammolar
Tadbir davomida ta'lim sifatini yuksaltirish, inklyuziv sinflar ko'lamini kengaytirish hamda ta'lim muassasalarida maxsus ehtiyojdagi bolalar uchun qulay va to'siqsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlar va muammolar muhokama qilindi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro'yobga chiqarish maqsadida hududlardagi barcha umumiy o'rta ta'lim maktablarini imkoniyati cheklangan bolalarning ehtiyojlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi. Jumladan, ta'lim dargohlarini panduslar, taktil yo'laklar, liftlar va maxsus sanitariya xonalari bilan to'liq jihozlash muhimligi ta'kidlandi. Qolaversa, alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarni maktab ta'limiga qamrab olish ko'rsatkichlarini yildan-yilga oshirib borish lozimligi aytildi.
Inklyuziv ta'limni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarning professional kasb-hunar va oliy ta'lim maskanlarida teng huquqlilik asosida o'qishini davom ettirishi hamda keyinchalik munosib ish bilan ta'minlanishida mahalliy kengashlar va jamoatchilik faolligi muhimligi alohida ta'kidlandi. S sohaga mas'ul vazirlik va idoralar vakillarining hisobotlari ham tinglanib, yakunda tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
Manba: UzA



