Deputatlar Beruniy va Ellikqal'a tumanlaridagi texnikumlar faoliyati bilan tanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qoraqalpog'istondagi texnikumlar va maktabda ta'lim sohasidagi islohotlar ijrosini o'rganishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar qatorida ta'lim tizimiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sayyora Imamova ishtirokida Beruniy tumanidagi 2 va 3-sonli texnikumlarda Prezident Murojaatnomasi hamda “O'zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi.
Texnikumlardagi sharoitlar va xalqaro yutuqlar
Tadbirda O'zbekiston XDP Qoraqalpog'iston Respublikasi Kengashi raisi Xalilla Yeshimbetov, tuman hokimining o'rinbosari Davronbek Karimov, deputatlik guruhi a'zolari, o'qituvchi va o'quvchilar qatnashdi. Muloqot davomida 2026 yildan boshlab ilg'or xorijiy ta'lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi, dual ta'lim asosida o'qiyotgan 100 ming nafar o'quvchiga stipendiya to'lanishi hamda a'lo baholarga o'qiyotganlarga oshirilgan miqdordagi stipendiyalar berilishi ta'kidlandi.
Deputatlar ta'lim muassasalari sharoitlarini ko'zdan kechirdi. Xususan, 2-sonli texnikumda zamonaviy o'quv xonalari, avtodrom va laboratoriyalar, 3-sonli texnikumda esa maxsus uskunalar bilan jihozlangan ustaxonalar hamda sport zali mavjud. E'tiborlisi, 3-sonli texnikum o'quvchisi Nursulton Rustamboyev 2025 yil dekabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o'tkazilgan “Professionallar” xalqaro bellashuvining “Metallarga ishlov berish” kompetensiyasi bo'yicha final bosqichida 2-o'rinni egallagan edi.
Hududlardagi ta'lim jarayonlari va yangi rejalari
Shuningdek, shunday uchrashuv Ellikqal'a tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida ham tashkil etilib, unda sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Deputatlar tumandagi 61-sonli umumta'lim maktabida ham bo'lib, bitiruvchilarning kasbiy ta'lim bilan qamrovi hamda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Uchrashuvlarda ta'kidlanishicha, 9-sinfdan boshlab yoshlarni kasbga yo'naltirish, oliy ta'limga intilmaganlarni texnikumlarga qamrab olish muhim vazifadir. 2026 yildan barcha hududlarda Ilg'or kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchasi” tashkil etiladi, shuningdek, bitiruvchilar va ish beruvchilarni bog'lovchi raqamli ekotizim yo'lga qo'yiladi.
Manba: UzA

