Navoiy viloyatida yangi "yashil" texnikum tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Navoiy viloyatida ekologik yo'nalishdagi yangi texnikum faoliyati yo'lga qo'yilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-sentabrdagi 476-son qaroriga asosan Navoiy viloyati "yashil" texnikumi tashkil etilmoqda. Mazkur qaror 9-sentabr kuni davlat ro'yxatidan o'tkazilgan.
Tashkil etilish maqsadi va moliyalashtirish
Ushbu ta'lim muassasasi prezidentning "Eko-madaniyat" umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta'lim, ilm-fan va targ'ibotni jadallashtirishga qaratilgan qarorini ijro etish hamda "yashil" iqtisodiyot uchun malakali o'rta bo'g'in kadrlarini tayyorlash maqsadida ochilmoqda.
Texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va pedagoglarni moddiy qo'llab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti - Green University'ning byudjetdan tashqari mablag'lari hamda Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg'armasi mablag'laridan foydalanishga ruxsat berilgan.
O'quv jarayoni va ta'lim yo'nalishlari
Qarorga ko'ra, texnikum Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta'lim agentligi tizimidagi davlat muassasasi shaklidagi kasbiy ta'lim tashkiloti hisoblanadi. O'quvchilar umumiy o'rta ta'lim muassasalari bitiruvchilari orasidan davlat granti va to'lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Ta'lim jarayoni boshlang'ich, o'rta va o'rta maxsus kasbiy ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Texnikumda mehnat bozori va "yashil" iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o'quvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat ko'nikmalari shakllantiriladi. Dasturlarga tegishli mavzular kiritilib, "yashil" texnologiyalarni joriy qilgan korxona va tashkilotlar bilan dual ta'lim yo'lga qo'yiladi. Jarayonga soha mutaxassislari, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi. Shuningdek, nufuzli xorijiy ta'lim tashkilotlari bilan qo'shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, mehnat bozori ehtiyojlari, fuqarolar murojaatlari va ish beruvchilar takliflari asosida qisqa muddatli kurslar ham tashkil qilinadi. Ular orqali kasbiy va qo'shimcha kompetensiyalarni rivojlantirish, malaka berish hamda xorijiy tillarni o'qitish ko'zda tutilgan.
Manba: Kun.uz

