O'zbekiston vakillari Polshada o'tayotgan IEA Bosh Assambleyasining 67-sessiyasida qatnashmoqda
Varshava shahrida Ta'limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasining 67-sessiyasi boshlandi.

Mamlakatimizda ta'lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro baholash tadqiqotlaridagi ishtirokini mustahkamlash hamda ilg'or tajribalarni o'rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Polshadagi nufuzli xalqaro sessiya
Joriy yilning 5-8-oktabr kunlari Polshaning Varshava shahrida Ta'limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi IEA Bosh Assambleyasining 67-sessiyasi o'tkazilmoqda. Mazkur tadbirda 50 dan ortiq mamlakatdan ta'lim vazirliklari, ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlarning 120 dan ziyod vakili qatnashmoqda.
Tadbir doirasida IEA faoliyatining strategik yo'nalishlari, TIMSS va PIRLS xalqaro baholash tadqiqotlarining kelgusi bosqichlari, yangi tadqiqot tashabbuslari hamda xalqaro hamkorlikka oid masalalar muhokama qilinmoqda. Ushbu yig'ilishda Abdulla Avloniy nomidagi institut rektori Abduvali Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etyapti. Uchrashuvlarda O'zbekiston ta'lim tizimi, institut faoliyati va xalqaro baholash tadqiqotlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muhokamalar olib borilmoqda.
IEAga a'zolik masalasi
Tadbir davomida Abdulla Avloniy nomidagi institutning IEAga a'zoligi masalasi Bosh Assambleya vakillari tomonidan ovozga qo'yiladi. Ma'lumot uchun, IEA Bosh Assambleyasi tashkilotning eng yuqori qaror qabul qiluvchi organi hisoblanadi. Unga a'zolik xalqaro tadqiqotlar va strategik tashabbuslar bo'yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish, kafolatlangan o'rniga ega bo'lish huquqini taqdim etadi. Shuningdek, dunyo ta'limiga oid muhim qarorlar qabul qilinishida ham mazkur a'zolikning o'rni katta.
Eslatib o'tamiz, Ta'limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasiga O'zbekistonning a'zolikka kirish masalasi ilk bor 2023-yilda taklif etilgan edi. 2026-yilda esa ushbu taklif IEA Doimiy qo'mitasi tomonidan ko'rib chiqilib, Bosh Assambleya kun tartibiga kiritildi.
Manba: UzA



