O'zbekistonda aholining yiliga o'rtacha o'qiydigan kitob sonini 10 taga yetkazish belgilandi
Prezident qaroriga ko'ra, 2026-2030 yillarda aholi o'rtasida kitobxonlik darajasini oshirish hamda maxsus jamg'arma tashkil etish ko'zda tutildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan "Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o'rtasida kitob o'qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorga muvofiq, 2026-2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasini har bir kishi uchun yiliga o'rtacha 10 ta kitobga yetkazish asosiy maqsad etib belgilandi.
Yangi jamg'arma va moliyalashtirish yo'nalishlari
Qarorga ko'ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomidagi Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg'armasi tashkil etiladi. Ushbu jamg'arma mablag'lari quyidagi tadbirlarni qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi:
- tanlovlar orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish, bolalar adabiyoti loyihalarini moliyalashtirish va asarlarini chop etish;
- iste'dodli mualliflarga ijod qilishlari uchun sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida har oylik haq to'lash;
- eng sara xorijiy asarlarni o'zbek tiliga, milliy adabiyotlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish hamda nashrga tayyorlash xarajatlarining 50 foizini, mualliflik huquqi xarajatlarining 80 foizini qoplash;
- vasiylik kengashi a'zolariga har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha mukofot berish va kitobxonlik reytingini shakllantirish xarajatlarini qoplash.
Transport va ta'lim muassasalaridagi yangiliklar
2026 yil 1 fevraldan boshlab aholi va yoshlar o'rtasida "Kitob - ma'rifat manbai" dasturi boshlanadi. Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy reklama deb tan olinadi. Shuningdek, avtobus, metro, samolyot va poyezdlarda simsiz internet orqali "Mutolaa" platformasidan foydalanish uchun QR kodlar o'rnatiladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimidagi maktablarda "Jadidlar izidan" kitobxonlik klublari faoliyati yo'lga qo'yiladi. 2026 yil 1 martga qadar sohalar bo'yicha tavsiya etiladigan kasbiy adabiyotlar ro'yxati shakllantiriladi va har yili kamida 3 tadan xorijiy kasbiy adabiyot tarjima qilinib, izohlar va lug'atlar bilan boyitiladi.
Rag'batlantirish choralari
2026 yil 1 aprelga qadar barcha vazirlik va idoralarda "Kitob burchagi" tashkil etilib, xodimlar uchun oylik "Kitob o'qish soati" o'tkaziladi. Ichki reyting natijasiga ko'ra eng ko'p kitob o'qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, eng ko'p kitob o'qigan top-100 talikka kirgan o'quvchi va talabalarning har biriga Jamg'arma mablag'lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida pul mukofoti ajratiladi.
Manba: UzA


