O'zbekistonlik informatika o'qituvchilari Gonkongda sun'iy intellekt bo'yicha malaka oshirmoqda
Respublikaning barcha hududlaridan saralangan 50 nafar informatika fani o'qituvchisi Gonkong Fan va texnologiyalar universitetida sun'iy intellekt bo'yicha xalqaro dasturda qatnashmoqda.

O'zbekistonning barcha hududlaridan saralab olingan informatika fani o'qituvchilari ishtirokidagi sun'iy intellekt bo'yicha xalqaro ta'lim dasturi Gonkong Fan va texnologiyalar universitetida o'z ishini boshladi. Mazkur o'quv kursi mazkur oliygohining Guanchjou kampusida tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Gonkong Fan va texnologiyalar universiteti prezidenti professor Lionel M.Ni hamda O'zbekiston Respublikasining Guanchjou shahridagi Bosh konsuli Sultanbek Imomov qatnashdi. Ushbu loyiha O'zbekiston va Xitoy o'rtasida sun'iy intellekt, ilg'or texnologiyalar va ta'lim sohalaridagi hamkorlikning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi.
Xalqaro dasturning maqsadi va ishtirokchilar
O'qitish jarayonida pedagoglar sun'iy intellekt yo'nalishidagi eng so'nggi yondashuvlar, zamonaviy dars berish metodlari hamda amaliy texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, ular universitet professorlari va sohaga oid mutaxassislar bilan o'zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Ma'lum qilinishicha, "Day of AI" loyihasi doirasida respublika miqyosida jami 1 ming 400 nafar informatika fani o'qituvchisi sun'iy intellekt yo'nalishida malaka oshirgan edi. Ushbu ishtirokchilar orasidan eng yuqori ko'rsatkichlarni qayd etgan 50 nafar pedagog mazkur nufuzli xalqaro dasturda qatnashish uchun saralab olindi.
Qayd etish joizki, Gonkong Fan va texnologiyalar universiteti jahonning nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biri bo'lib, "QS World University Rankings 2027" xalqaro reytingida 33-o'rinni egallab turibdi.
Manba: UzA



