O'zbekistonlik o'quvchilar 56-Xalqaro fizika olimpiadasida tarixiy natija qayd etdi
Kolumbiyada o'tgan 56-Xalqaro fizika olimpiadasida O'zbekiston terma jamoasi ilk bor 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo'lga kiritdi.

O'zbekiston yosh fiziklar terma jamoasi nufuzli 56-Xalqaro fizika olimpiadasida (IPhO 2026) muvaffaqiyatli qatnashib, mamlakatimiz ta'lim tarixi uchun muhim natijaga erishdi. Kolumbiya mezbonlik qilgan xalqaro musobaqa joriy yilning 4-12-iyul kunlari bo'lib o'tdi. Mazkur bellashuvda yurtimiz sharafini himoya qilgan iqtidorli o'quvchilarimiz dastlabki bor 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medallarini qo'lga kiritishdi. O'zbekiston terma jamoasi a'zolari ushbu nufuzli musobaqada o'z ishtiroki tarixidagi eng yuqori ko'rsatkichni qayd etdi.
G'olib va sovrindor o'quvchilar ro'yxati
- Asilbek Jumanazarov (“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi) – kumush medal;
- Muhammad Abdumalikov (Mirzo Ulug'bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi) - kumush medal;
- Elbek O'roqov (“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi) - bronza medal;
- Hasan Kamolov (Qo'qon shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi) – bronza medal;
- Javohir Aknazarov (Mirzo Ulug'bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi) - rag'batlantiruvchi mukofot.
Xalqaro fizika olimpiadasi ishtirokchilar uchun faqatgina murakkab nazariy hamda eksperimental masalalarni yechish maydoni bo'lib qolmay, balki xalqaro miqyosda o'zaro bilim va tajriba almashish uchun ham muhim imkoniyat hisoblanadi.
Manba: UzA


