Sertifikati bor o'n uch mingga yaqin abituriyent testdan ozod etildi
2026/2027 o'quv yili qabulida barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2026/2027 o'quv yili uchun jami 677 907 nafar abituriyent onlayn ro'yxatdan o'tdi. Shundan 451 744 nafari, ya'ni 66,6 foizi joriy yil bitiruvchilari bo'lsa, 226 163 nafari (33,4 foiz) ta'lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan fuqarolardir. Abituriyentlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari esa erkaklarni tashkil etadi. Shuningdek, test sinovlarida 664 609 nafar abituriyent ishtirok etishi qayd etilgan.
Sertifikatlar va testdan ozod qilinganlar
Ro'yxatdan o'tish jarayonida abituriyentlar tomonidan yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ulardan 24 526 tasi tasdiqlandi. Umumta'lim fanlari bo'yicha 193 186 nafar, chet tillari bo'yicha esa 125 354 nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar ro'yxatdan o'tgan.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo'lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi va bevosita tanlov bosqichiga o'tkazildi. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan atigi 678 nafar abituriyent foydalangan edi. Eslatib o'tamiz, test sinovlari 10 kun davomida o'tkaziladi.
Manba: Kun.uz
