O'zbekistonning barcha hududlarida “yashil” texnikumlar faoliyati yo'lga qo'yiladi
2026-2027-yillarda respublikaning 14 ta hududida bittadan texnikum “yashil” texnikumlarga aylantiriladi.

Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasida 12-may - Ekologik ta'lim kuniga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda respublikada “yashil” texnikumlar faoliyatini yo'lga qo'yish, ta'lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Kadrlar tayyorlash rejalari va xalqaro standartlar
Qonunchilikka muvofiq, 2026–2027-yillarda mamlakatimizning 14 ta hududida bittadan texnikum “yashil” texnikumlarga aylantiriladi. Ushbu muassasalarda o'rta bo'g'in kadrlarini tayyorlash hajmi bosqichma-bosqich oshiriladi: 2026/2027 o'quv yilida 5 ming nafar, 2027/2028 o'quv yilida 7 ming nafar hamda 2028/2029 o'quv yilida 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash ko'zda tutilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo'yicha maslahatchisi — Ekologiya qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov ta'kidlaganidek, eng avvalo, o'quv dasturlarini qaytadan ishlab chiqib, ularni xalqaro talablarga moslashtirish lozim.
Hududiy xususiyatlar va amaliyot bazalari
Kadrlar tayyorlash jarayonida har bir hududning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik sharoitlari hisobga olinadi. Andijon, Buxoro, Surxondaryo hamda Jizzax viloyatlaridagi “yashil” texnikumlarda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, dual ta'lim tizimini to'liq joriy qilish belgilandi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa xorij davlatlari o'quvchilari uchun maxsus kvotalar ajratiladi, o'quvchilar o'zlariga tegishli bino va inshootlarda amaliyot uchastkalarini shakllantiradilar.
Universitet bilan uzviylik va imtiyozlar
Universitetning birinchi bosqichida o'qitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning ikkinchi bosqich o'quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan va ingliz tilidan B2 darajaga ega bo'lgan bitiruvchilarga universitet tomonidan belgilangan ballar o'rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqqan holda, bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o'qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.
Talabalar va o'quvchilar uchun o'rmon xo'jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, botanika va dendrologiya bog'lari, qo'riqlanadigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, zooparklar, shuningdek Botanika va Zoologiya institutlarida amaliyot maydonchalari ochiladi. Qolaversa, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab “Eko-stipendiya” ta'sis etilib, har yili 10 nafargacha iqtidorli o'quvchiga to'lab boriladi.
Manba: UzA

