PISA 2025 natijalari: O'zbekiston o'quvchilari sezilarli o'sishga erishdi
PISA 2025 xalqaro baholash dasturida O'zbekiston o'quvchilari yuqori natijalarni qayd etib, tabiiy fanlar yo'nalishida sezilarli o'sishni namoyish etdi.

Poytaxtdagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida «PISA 2025: Xalqaro baholash dasturi natijalari» mavzusiga bag'ishlangan maxsus forum bo'lib o'tdi. Tadbirda mamlakatimizning tadqiqotdagi asosiy ko'rsatkichlari, PISA 2022 va 2025 yillar oralig'idagi o'zgarishlar dinamikasi hamda ta'lim sifatiga ta'sir qiluvchi omillar atroflicha muhokama qilindi.
PISA 2025 natijalari va xalqaro e'tirof
Joriy yilda dunyo bo'ylab 91 ta mamlakat va iqtisodiyotni qamrab olgan tadqiqotda tabiiy fanlar yo'nalishi bo'yicha O'zbekiston eng yaxshi natija ko'rsatgan 70 ta davlat qatoridan joy oldi. Xususan, o'zlashtirish ko'rsatkichlari global miqyosda pasayib borayotgan bir paytda, yurtimizda bu ko'rsatkich taxminan 350 balldan 438 ballgacha ko'tarildi. 83 ballik bu o'sish ishtirokchi mamlakatlar orasida kuzatilgan eng yuqori ijobiy natijalardan biri sifatida qayd etildi.
Tadqiqot qamrovi va asosiy yo'nalishlar
15 yoshli o'quvchilar ishtirok etgan mazkur xalqaro sinovlar O'zbekistonda 2025-yilning aprel-may oylarida tashkil etildi. Tanlanma asosida respublikaning 233 ta maktabidan jami 8652 nafar o'quvchi o'z bilim va ko'nikmalarini sinovdan o'tkazdi. PISA 2025 siklida tabiiy-ilmiy savodxonlik asosiy yo'nalish etib belgilangan bo'lib, matematika va o'qish savodxonligi qo'shimcha yo'nalish sifatida baholandi. Shuningdek, o'quvchilarning raqamli vositalar yordamida muammolarni hal etish qobiliyatlarini o'rganuvchi innovatsion yo'nalish ham kiritildi.
Kelgusi vazifalar
Forum davomida erishilgan natijalardan o'quv dasturlarini takomillashtirish, baholash mexanizmlarini rivojlantirish hamda pedagoglarning kasbiy salohiyatini qo'llab-quvvatlashda unumli foydalanish masalalari ko'rib chiqildi. Shuningdek, kelgusida PISA 2029 xalqaro tadqiqotiga puxta tayyorgarlik ko'rish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Manba: UzA


