Poytaxtda “El-yurt umidi” jamg'armasi stipendiatlarini taqdirlash marosimi o'tkazildi
Toshkentda Prezidentning “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag'ishlangan xalqaro forum va o'quv seminari bo'lib o'tdi.

Poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag'ishlangan xalqaro forum tashkil etildi. Ushbu tadbir stipendiatlar, ularning ota-onalari, davlat idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar vakillarini yagona ma'rifiy maydonda jamladi.
Stipendiatlar uchun maxsus seminar
Kunning ikkinchi yarmida jamg'armaning 2025-yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovi g'oliblari uchun maxsus o'quv seminari o'tkazildi. Unda yoshlarni xorijda yashash va o'qishga tayyorlash, ularning vazifa hamda majburiyatlarini tushuntirishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, sobiq stipendiatlar o'z tajribalari bilan o'rtoqlashib, Yevropa, Osiyo, AQSH, Avstraliya va Kanadadagi moslashuv jarayonlari haqida so'z yuritdilar. Yoshlar Ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev bilan ochiq muloqot, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya hamda jadidlar hayotiga bag'ishlangan hujjatli film namoyishi tashkil etildi.
2025-yilgi tanlov natijalari
Ta'kidlash joizki, 2025-yilda jamg'arma stipendiyasi uchun tanlovlar yangilangan talablar asosida o'tkazildi. OneID tizimi bilan integratsiyalashgan onlayn platforma ishga tushirilib, inson omili minimallashtirildi. Natijada test natijalari shu kunning o'zida e'lon qilindi va suhbat jarayonlari ilk bor internetda onlayn tarzda translyatsiya qilindi.
Boshqaruv kengashi qaroriga ko'ra, birinchi ochiq tanlovda 173 nafar, ikkinchi tanlovda esa 64 nafar nomzod stipendiya sovrindori deb topildi. Ularning 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. G'oliblar 20 tadan ortiq xorijiy davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olishgan bo'lib, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Koreya Respublikasi yetakchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Manba: UzA



