Termizdagi texnikumda muddatli harbiy xizmatchilarga kasb-hunar o'rgatilmoqda
Termiz shahridagi ikkinchi texnikumda muddatli harbiy xizmatchilarga turli kasb-hunar sirlari o'rgatilmoqda.

Termiz shahridagi ikkinchi texnikumda “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida muddatli harbiy xizmatchilarga turli kasb-hunar o'rgatilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma'muriy sektor rahbari Ulug'bek Qosimov ta'lim muassasasida bo'lib, askarlarning kasb-hunar o'rganishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi. Tanishuv chog'ida Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo'mondonligi boshlig'i, polkovnik Mirsaid Shukurov harbiy xizmatchilarni kasbga yo'naltirish, bilim va ko'nikmasini oshirish va yaratilgan qulayliklar haqida ma'lumot berdi.
Harbiy-ma'muriy sektor rahbari ustaxona va o'quv xonalarida kasb o'rganayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashib, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarning kasb-hunar egallashiga qaratilayotgan e'tibor xususida fikr almashdi. Xizmat davrida askarning bir yo'la zamonaviy hunarli bo'lishi xizmatdan so'ng mehnat bozorida o'z o'rnini topib, jamiyatda munosib o'rin egallashida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Kasb sirlarini chuqur o'rganish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Dastur uch va olti oylik kurslarda muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan yoshlarga fuqarolik mutaxassisliklarini o'rgatadi. Kursni muvaffaqiyatli tugatgan askarlarga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.
Manba: UzA

