Xorijda o'qiyotgan o'zbekistonlik yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar kengaymoqda
Chet elda nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan o'zbekistonlik yoshlar uchun davlat tomonidan keng sharoitlar yaratilib, grantlar ajratilmoqda.

Chet elda tahsil olayotgan o'zbekistonlik yoshlar zamonaviy bilim va tajriba orttirish yo'lida izlanar ekan, ilm-fan va xalqaro munosabatlar kabi ko'plab yo'nalishlardagi yangicha yondashuvlar mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-iyul kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga tashrifi chog'ida hududdagi ijtimoiy infratuzilma, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ayni sohalar rivojida zamonaviy bilim va xalqaro tajriba muhim o'rin tutishi bois, xorijiy nufuzli oliy ta'lim muassasalarida o'qiyotgan yoshlarga mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti uchun intellektual kuch sifatida qaralmoqda.
“El-yurt umidi” jamg'armasi ko'magi
AQSHning Cincinnati universitetida tahsil olayotgan Mohinur Saidakbarova xorijda o'qish jarayoni va yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi. Uning so'zlariga ko'ra, chet ellik talabalar uning moliyaviy muammolarsiz faqat o'qishga e'tibor qaratayotganidan hayratlanishadi. U o'zining ta'lim olishi “El-yurt umidi” jamg'armasi tomonidan qo'llab-quvvatlanayotganini aytganida, xorijiy tengdoshlari bunga havas qilishadi. Aksariyat xorijliklar o'qish xarajatlarini qoplash uchun ishlashga majbur bo'lsa, o'zbekistonlik talabalar o'z vaqtini kutubxonada bilim olishga sarflash imkoniyatiga ega.
500 ta kvota ajratildi
Dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Xususan, o'tgan yili “El-yurt umidi” jamg'armasi tomonidan o'tkazilgan ochiq stipendiya tanlovi yakunlariga ko'ra, xorijda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida o'qish uchun qariyb 200 nafar iqtidorli yosh g'olib deb topilgan edi. Joriy yilda esa bu ko'rsatkich oshirilib, nufuzli xorijiy oliygohlarda ta'lim olish uchun 500 ta kvota ajratildi. Bugungi islohotlar har qanday mamlakatning haqiqiy boyligi uning tabiiy resurslari emas, balki bilimli va tashabbuskor yoshlari ekanini tasdiqlamoqda.
Manba: UzA



